Biz mamlakatimizda muhandislik ta’limini rivojlantirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan yangi bosqich ostonasida turibmiz. Tashkent University of Technology tashkil etilishi — bu navbatdagi oliy ta’lim muassasasining ochilishi emas, balki zamon talablariga ongli javob, O‘zbekistonga global fikrlaydigan, professional darajada harakat qiladigan va kelajakni shakllantiradigan innovatsion yechimlar yarata oladigan yangi avlod muhandis kadrlariga bo‘lgan ehtiyojning ifodasidir.
Bugungi kunda jahon nafaqat mustahkam fundamental tayyorgarlikka ega mutaxassislarga, balki bilimni real texnologiyalarga, g‘oyalarni mahsulotlarga, ilmiy salohiyatni esa barqaror iqtisodiy rivojlanish omiliga aylantira oladigan muhandislik tafakkuri yetakchilariga ehtiyoj sezmoqda.
Tashkent University of Technology falsafasi o‘zaro uyg‘un uch tamoyilga tayanadi.
Birinchidan — zamonaviy talablarga javob beradigan akademik standartlar.
Universitetning konseptual asoslari muhandislik ta’limining ilg‘or xalqaro modellari negizida shakllantirilmoqda. Tizimli akademik hamkorlik natijasida fundamental ilmiy tayyorgarlik, zamonaviy didaktik yondashuvlar hamda global bilimlar iqtisodiyotining strategik ustuvor yo‘nalishlarini birlashtiruvchi yaxlit ta’lim arxitekturasi barpo etildi.
Ikkinchidan — yangi avlod muhandislarini tayyorlashning personallashtirilgan modeli.
Biz yuqori malakali muhandisni shakllantirish ommaviy va shaxssiz ta’lim tizimi sharoitida samarali bo‘la olmaydi, deb hisoblaymiz. Shu bois universitetning akademik siyosatida sifatni miqdordan ustun qo‘yish tamoyili asos qilib olingan bo‘lib, u talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida yaqin intellektual muloqotni, individual ta’lim trayektoriyalarini hamda ilmiy-kasbiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydi.
Uchinchidan — ta’lim, fan va industriya integratsiyasi.
Tashkent University of Technology ilk kunlaridanoq amaliy muhandislik madaniyatiga tayanadigan universitet sifatida loyihalashtirilmoqda. Bu yerda ta’lim jarayoni real ishlab chiqarish va ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan uzviy bog‘langan. Industrial hamkorlar, muhandislik markazlari va ilmiy laboratoriyalar ta’lim muhitining ajralmas tarkibiy qismiga aylanadi. Talabalar o‘qish davridan boshlab haqiqiy texnologik muammolarni hal etishga jalb etilib, diplom olishdan ancha oldin kasbiy o‘zligini va muhandislik mas’uliyati madaniyatini shakllantiradilar.
Davlatning institutsional qo‘llab-quvvatlashi universitetimizga alohida maqom bag‘ishlab, uning missiyasiga bo‘lgan yuksak ishonchni ifodalaydi. Bu muhandislik ta’limini rivojlantirish O‘zbekistonda faqat ta’limiy vazifa sifatida emas, balki mamlakatning intellektual va texnologik salohiyatiga qaratilgan uzoq muddatli strategik sarmoya sifatida qaralayotganidan dalolatdir.
Shu qarashlar doirasida qabul qilingan qarorga muvofiq, Tashkent University of Technologyga qabul qilingan har bir talaba to‘liq davlat granti asosida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa haqiqatan ham noyob sharoitlarni yaratadi — bunda iqtidor va bilimga intilish muvaffaqiyatning asosiy mezoniga aylanadi.
Aynan shu bois biz yangi turdagi universitetni barpo etmoqdamiz va sizlarni nafaqat mutaxassislar tayyorlaydigan, balki O‘zbekistonda muhandislik taraqqiyotining madaniy va intellektual poydevorini shakllantiradigan akademik jamoaning bir qismi bo‘lishga chorlaymiz.
Tashkent University of Technologyga xush kelibsiz!
Rektor
Adham Yusupovich Xudayqulov